
MHXSni qo’llash bo’yicha hujjatlar loyihalari muhokamasi
O’zbekiston Moliya vazirligida 2022-yil 4-aprelda tadbirkorlik sub’ektlari, xalqaro auditorlik tashkilotlari hamda buxgalter, auditorlar va soliqchilarning respublika jamoat birlashmalari vakillari bilan uchrashuv o’tkazildi. Shuningdek, uchrashuvda O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat soliq qo’mitasi mutaxassislari ham ishtirok etishdi.
Yig’ilishning asosiy maqsadi moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini (MHXS) qo’llaydigan korxonalar uchun tayyorlangan buxgalteriya hisobining schyotlar rejasi va moliyaviy hisobot shakllarining loyihalari bo’yicha fikrlar olish va umumlashtirishga qaratildi. Moliya vazirligi mutaxassislari MHXSni amalda qo’llashda yordam beradigan yangi hujjatlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
Ishtirokchilar MHXSni joriy etishning o’tish davrida tushuntirishlar va axborotlar bilan korxonalarni ta’minlashning muhimligi xaqida ta’kidlashdilar. Hujjatlar loyihalarini muhokama qilish chog’ida quyidagilar yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi:
O’zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi Qonuniga, moliyaviy hisobotni taqdim etish qismiga doir o’zgartish va qo’shimchalar kiritishi bo’yicha;
moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlarini qayta ko’rib chiqish va uzaytirish, shu jumladan MHXS bo’yicha;
MHXSga muvofiq yangi buxgalteriya hisobining schyotlar rejasi asosida buxgalteriya hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirishning imkoniyatlarini o’rganish;
MHXSga muvofiq buxgalteriya hisobining schyotlar rejasini tavsiyaviy tusda qo’llash;
MHXSga muvofiq moliyaviy hisobot shakllari moddalarini korxonalar tomonidan mustaqil kirtish huquqini berilishi bo’yicha.
Ishlab chiqilgan hujjatlarni keng muhokama qilishni davom ettirish va konstruktiv takliflarni qabul qilish maqsadida yig’ilish yakuni bo’yicha elektron shaklda tematik so’rovnoma o’tkazish, shuningdek, hujjatlar loyihalarini Moliya vazirligi va jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish taklif etildi.
Hujjatlarning dastlabki loyihalari bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin va o’z fikr-mulohazalar (feedback)ringizni ifrs@mf.uz elektron pochta manziliga yuborishingiz mumkin.
Shuningdek, ko’rsatilgan havola bo’yicha ishlab chiqilgan hujjatlar bo’yicha tematik so’rovnomada faol ishtirok etishingizni so’raymiz (so’rovnoma 2022-yil 15-aprelgacha davom etadi).
Moliya vazirligi
Axborot xizmati