
PF-93 12.06.2023 yil KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISHDA TADBIRKORLIK SUBYEKTLARI BILAN O‘ZARO MANFAATLI HAMKORLIK O‘RNATISHGA QARATILGAN CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida
[Ko‘chirma]
Respublikada kambag‘allikka qarshi kurashish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish, bu ishlarga tadbirkorlik subyektlarini manfaatli hamkorlik asosida jalb qilish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida:
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
- Belgilansinki, Dasturda tadbirkorlik subyektlari ularning huquq va majburiyatlari aks ettirilgan “hamkorlik shartnomalari” asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
- a) “hamkorlik shartnomalari” quyidagi tartibda tuziladi:
51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan — tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda — hokim yordamchilari) takliflariga asosan tuman (shahar) hokimi va uning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan;
101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan — hokim yordamchilarining takliflariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda ularning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan;
200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subyektlari bilan — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi taklifiga asosan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri hamda iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan;
- b) “hamkorlik shartnomalari” loyihalari mos ravishda Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
- v) Savdo-sanoat palatasi “hamkorlik shartnomalari”ni tuzgan tadbirkorlik subyektlariga Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beradi va ularga “hamkorlik shartnomalari” to‘liq bajarilishi yuzasidan har tomonlama ko‘maklashadi;
- g) “hamkorlik shartnomalari”dagi tomonlarning majburiyatlari bajarilishi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan nazorat qilinadi.
- Belgilab quyilsinki:
- a) Dasturda kamida ikki yil faoliyat ko‘rsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin;
- b) “hamkorlik shartnomasi” uch yilgacha muddatga tuziladi hamda unda nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganida tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar o‘rnatilgan tartibda bekor qilinadi va imtiyoz qo‘llanilishi natijasida tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida qolgan summalar qaytarib olinadi;
- v) Dastur bilan qamrab olinadigan tadbirkorlik subyektlarining hududlar kesimidagi soni va ular tomonidan yaratiladigan yangi ish o‘rinlari parametrlari Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov) tomonidan tasdiqlanadi.
- 2023-2024-yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochilsin.
Bunda, Dasturga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun 2023-yilda:
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan tijorat banklariga 100 million AQSh dollari ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi;
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi;
xalqaro moliya tashkilotlaridan 200 million AQSh dollari miqdorida kreditlar jalb qilinadi.
- Belgilansinki:
kredit liniyasi mablag‘lari Dasturga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarining murojaatiga asosan ajratiladi;
kredit liniyasi mablag‘lari tijorat banklariga 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 foiz stavkada beriladi;
kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari tomonidan kreditlar (shu jumladan, ajratilgan kreditlarning so‘ndirilgan qismi hisobidan) Dasturga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada ushbu Farmonga 1-ilovasiga muvofiq miqdorlarda ajratiladi.
- Dasturga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu Farmonga 1-ilovasigamuvofiq tabaqalashgan miqdorlarda quyidagi imtiyoz va preferensiyalar berilsin:
- a) tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvarga qadar:
tadbirkorlik subyektlari ushbu fuqarolarga kamida bir yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqi to‘lab, bandligini ta’minlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz beriladi;
fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qo‘llaniladi;
- b) tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun zarur mablag‘lar va infratuzilma bilan ta’minlash yo‘nalishida:
ishsiz fuqarolarni kasbga o‘rgatish va o‘z ishchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlarini qurish va jihozlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
barcha soliqlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz bir yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va erga bo‘lgan huquqlar auksion orqali sotib olinganda, to‘lovlarni 5 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi;
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi;
50 milliard so‘m va undan yuqori qiymatdagi loyihalarni amalga oshirganda belgilangan tartibda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi;
budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda oldindan to‘lov miqdori bir milliard so‘mgacha bo‘lgan xaridlar bo‘yicha 30 foizdan 50 foizga, bir milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan xaridlar bo‘yicha 15 foizdan 30 foizga oshiriladi;
hududlarda bo‘sh turgan va bir yildan buyon auksion savdolarida sotilmasdan turgan davlat mulki bo‘lgan bino-inshootlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarining foydalanilmasdan bo‘sh turgan binolari Dastur ishtirokchilariga o‘z xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish hamda “amaliy monomarkaz” tashkil qilish uchun foydalanishga tanlov (talabgor yagona bo‘lganda — to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma) asosida ijara stavkasining minimal miqdori bo‘yicha ijaraga beriladi;
- v) soliq va bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish yo‘nalishida:
qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish), shuningdek, barcha soliq turlari bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish bir kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi;
qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bekor qilinmaydi;
tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini bojxona va soliq organlarining hisob tizimlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati beriladi;
bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yo‘lak” qoidalari amal qiladi;
- g) barcha turdagi soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Savdo-sanoat palatasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Dasturni amalga oshirish jarayonlarini raqamlashtirish, shu jumladan “hamkorlik shartnomalari”ni ekspertizadan o‘tkazish va tuzish, shartnoma majburiyatlari bajarilishini masofaviy nazorat qilish, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etadigan vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilish imkoniyatlariga ega axborot tizimini ishga tushirsin.
- Adliya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda “hamkorlik shartnomasi” namunasini ishlab chiqsin va Savdo-sanoat palatasi axborot tizimiga joylashtirilishini ta’minlasin.
- Dasturning hududlarda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi 2-ilovadagi*mas’ul rahbarlar zimmasiga yuklansin.
Bosh vazir o‘rinbosari J. Qo‘chqorov Dasturni amalga oshirish doirasida:
vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda mazkur Farmonga 2-ilovasidagi*mas’ullar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin;
* 2-ilova berilmaydi
manfaatdor vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda mustaqil qarorlar qabul qilish orqali hududlarda Dastur ishtirokchilari faoliyatida yuzaga keladigan muammolarning tezkorlik bilan hal qilib borilishini ta’minlasin.
- Vazirlar Mahkamasi:
- a) Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Xitoy tajribasi asosida respublikaning har bir hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqsin. Bunda, kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratilsin;
bir oy muddatda Bo‘zatov, Paxtaobod, Vobkent, Do‘stlik, Shahrisabz, Xatirchi, Chust, Bulung‘ur, Sirdaryo, Jarqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Urganch va Chilonzor tumanlarini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil texnologiyalar” hamda boshqaruvda zamonaviy yechimlarni joriy etishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni qamrab olgan Hukumat qarorini qabul qilsin;
- b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A. Voitov) bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar Xitoy qishloq xo‘jaligi tajribasi asosida kamida 10 ta yuqori daromadli loyihalarni respublika hududlarida joriy qilsin;
- v) 2023-yil yakuniga qadar Xitoy o‘quv markazlari bilan hamkorlikda barcha hokim yordamchilarining malaka oshirish kurslarida o‘qitilishini ta’minlasin;
- g) o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan 200 nafar hokim yordamchilarini Xitoyga amaliyot o‘tashga yuborilishini ta’minlasin;
- d) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Dasturda ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlarini saralab olish uchun avtomatlashtirishgan reyting tizimini joriy qilsin.
- Savdo-sanoat palatasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining oliy ta’lim tizimida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tajriba tariqasida ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
- Belgilansinki, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) korxonalarida qo‘shimcha ishchi kuchi va ularning malakasiga bo‘lgan talab shakllantiriladi;
shakllantirilgan ish o‘rinlari va malaka talablari to‘g‘risida ma’lumotlar Palataning onlayn platformasi orqali o‘quv muassasalari talabalariga yetkaziladi;
talabalar tomonidan tanlangan ish o‘rinlari bo‘yicha elektron yo‘llanmalar tegishli korxonaga yetkaziladi;
yo‘llanma asosida ta’lim jarayonini bevosita korxonalarda amalga oshirgan talabalar uchun korxona tomonidan ish haqi hisoblanadi va Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oy uchun mazkur ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
korxonada bo‘lib o‘tadigan amaliy mashg‘ulotlar dasturi o‘quv muassasasi, korxona va Palata tomonidan tasdiqlanadi.
- Belgilansinki, “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi birinchi bosqichda 2023/2024 o‘quv yilida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining 3-4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi.
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Kasb egasi” dual ta’lim tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh., 2023-yil 12-iyun, PF-93-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-93-son Farmoniga 1-ILOVA
“20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga beriladigan tabaqalashtirilgan imtiyoz va preferensiyalar
RO‘YXATI
T/r | Imtiyoz va preferensiyalar | 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlik subyektlari uchun | 101 tadan — 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlik subyektlari uchun | 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlik subyektlari uchun |
1. | Moliyalashtirish yo‘nalishida: | |||
a) | Tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada ajratiladigan kreditlarning maksimal miqdorlari. | 5 milliard so‘m | 10 milliard so‘m | 15 milliard so‘m |
2. | Soliqqa tortish yo‘nalishida: | |||
a) | Tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) kiritilgan fuqarolar kamida bir yil davomida ish bilan ta’minlangan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz miqdori (amaldagi stavkaga nisbatan). | 50 foiz | 75 foiz | 100 foiz |
b) | Reyestrga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining respublika budjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda) qaytarib beriladigan miqdori. | 100 foiz | ||
v) | Reyestrga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinib, ularga har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz miqdori (amaldagi stavkaga nisbatan). | 50 foiz | ||
3. | Tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun zarur mablag‘lar va infratuzilma bilan ta’minlash yo‘nalishida: | |||
a) | Ishsiz fuqarolarni kasbga o‘rgatish va o‘z ishchilarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlarini qurish va jihozlash xarajatlarini Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berish miqdori. | 100 foiz | ||
b) | Barcha soliqlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i va soliq agentlari sifatida to‘lanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati. | 3 oy | 6 oy | 12 oy |
v) | Auksionda davlat mulki bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari va erga bo‘lgan huquqlarni sotib olish to‘lovlarini foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati. | 3 yil | 4 yil | 5 yil |
g) | Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi beradigan kafillikning maksimal miqdori. | 3 milliard so‘m | 4 milliard so‘m | 5 milliard so‘m |
d) | Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanadigan loyihalar qiymati. | 50 milliard so‘m va undan yuqori | ||
e) | Budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda oldindan to‘lov miqdori. | Amaldagi miqdorlar saqlab qolinadi | 1 mlrd so‘mgacha xaridlar bo‘yicha 50 foiz;
1 mlrd so‘mdan yuqori xaridlar bo‘yicha 30 foiz |
|
j) | Hududlarda bo‘sh turgan va 1 yildan buyon auksion savdolarida sotilmagan davlat mulki bo‘lgan bino-inshootlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarining foydalanilmasdan bo‘sh turgan binolarini xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish hamda “amaliy monomarkaz” tashkil qilish uchun foydalanishga ijaraga berishda ijara to‘lovi stavkasi miqdori. | Minimal stavka | ||
4. | Soliq va bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish yo‘nalishida: | |||
a) | Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) va barch� soliq turlari bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish muddati. | Amaldagi muddat 2 baravar qisqartiriladi | 1 kun | |
b) | Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma holati. | Bekor qilinmaydi | ||
v) | Tovarlarni import qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini hisobga olish. | Bojxona va soliq organlarining hisob tizimlarida o‘zaro hisobga olinadi | ||
g) | Bojxona nazoratini amalga oshirishda qo‘llaniladigan xavfni boshqarish darajasi. | “yashil yo‘lak” | ||
5. | Tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish yo‘nalishida: | |||
a) | Tadbirkorlarga nisbatan o‘tkazish taqiqlangan soliq tekshiruvlari turlari (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno). | Soliq auditi | Barcha turdagi soliq tekshiruvlari |
Izoh: Dasturga kiritilgan Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga faqatgina mazkur ilovaning 2-pozitsiyasidagi “b” va “v” bandlari hamda 3-pozitsiyasidagi “d” bandida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llaniladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.06.2023-y., 06/23/93/0367-son)